O‘qituvchi nimani o‘ylaydi?

Elektr bir o‘chsa 4-5 soatgacha yonmayapti. Ayniqsa, maktabda Kundalik.comga baho qo‘yishda elektr yo‘qligi juda qiynaydi. Internet toksiz ishlamaydi-da, nima qilaylik! Yana qaysidir kuni Energetika vazirligi “Agar hududingizda 1 soatdan ko‘proq vaqt davomida elektr bo‘lmasa bizga murojaat qiling”, degandi. Eshitib xursand bo‘lgandim.

Mavjuda QOBILOVA

Bugungi kunda koʻplab bolalar otasiz, hatto, onasiz katta boʻlmoqda. Sababi, iqtisodiy yashash sharoitimiz og‘ir. Agar hamma yaxshi maosh olsa, hamma narsa yetarli boʻlsa, hech qaysi ota-ona chet elga pul topish ilinjida ketmasdi. Bolalarini ham o‘zi tarbiya qilar edi. Yaxshi maosh oladigan oilalar ham kuniga 10 yoki 12 soat ishlab kelib, oilasi va farzandiga vaqt ajratmaydi.

Yulduz IBROHIMOVA

Bizga ta’lim nashrlari kerak! Aslida bu turdagi gazeta va jurnallar davlat tomonidan moliyalashtirilishi lozim emasmi?! Obuna vajidan tashkilotlarga qaram gazeta hech qachon erkin bo‘lolmaydi, oʻz haqini talab qilolmaydi. Davlatimiz rahbari qaror va farmonlar bilan bu masalaga oydinlik kiritmas ekan, oʻzgarish boʻlmaydi. Shundan so‘nggina gazeta tanqidiy maqolalar yuzasidan tashkilotlardan izoh, tushuntirish talab qila oladi.

Gavhar USMONOVA

Deputat Rasul Kusherboyev o‘quvchi OTMga kirmagani uchun direktorni ishdan olish qonunga zid deb to‘g‘ri aytdi. Chindan ham, nega endi ishdan olinishi kerak? Maktab bor imkoniyatini ishga solib bilim bersa-yu, ammo o‘quvchi xohlamasa, balki u tadbirkor yoki hunarmand boʻlar. Bu uning tanloviku. Bundan tashqari, shuncha oliy ma’lumotli kadrlarni ish bilan ta’minlashchi? Hozir chekka hududlarni aytmasa, markazlardan deyarli ish topa olmaysiz.

Dilrabo NORQULOVA

Yuqori mansabdagi shaxslarning o‘zlari va oila a’zolari uchun davolanish tekin. Vazirlarning oila a’zosidan birortasi kasal bo‘lsa, hatto chet elda bepul davolanish imkoni berilgan ekan. Yozuvchilar uchun ham maxsus poliklinika borligi haqida eshitganman. Asablari eng ko‘p buziladigan kasblardan biri o‘qituvchilikdir. O‘qituvchilarga mana shu kabi imtiyozlar berilsa qaniydi.

Dilnoza QODIRBERGANOVA

Qaysi guruhga kirmay “Menga layk bosing!”, “Tanishimga ovoz bering!” kabi iltimoslarga ko‘zimiz tushadi. Yaqinda ijtimoiy tarmoqda jajji ijodkorlar uchun onlayn tanlov o‘tkazildi. 1-sinfda o‘qiydigan nabiram yoshiga mos tarzda harakatlanuvchi robot, vertolyot, tank kabi o‘yinchoqlar yasaydi. Biz ham qiziqib shu tanlovda ishtirok etdik. Ammo o‘rin ololmadik. Bilasizmi, nima uchun, mana shu laykbozlik sabab. Qaysi ishtirokchi koʻp layk to‘plasa, shu gʻolib boʻlarkan.

Hafiza RASHIDOVA

Pedagogik yuklama o‘qituvchilarni maktabda “ushlab turish” uchun o‘ylab topildi. 08:00 dan 16:00 gacha o‘qituvchi o‘quv dargohida bo‘lishini shart qilib qo‘yishdi. Uni qonunlashtirib, bir arava qog‘oz yuklashdi. Buning uchun oylik to‘lanmaydi. Yuklama paydo boʻlganda oylik 3,75 foizga kamaygan. Darsga toʻlanayotgan pul ikkiga bo‘lingan. Yarmi darsga, qolgan yarmining 92,5 foizi yuklamaga ajratildi.

Muzaffar ISMOILOV

Bizda bir yomon taqqoslash odati bor: nuqul o‘zimizdan battar, o‘zimizdan xarob ahvoldagilarga qarab solishtiramiz. Agar rostdan ham rivojlanishni istasak, o‘zimizdan yaxshilar bilan solishtirishni oʻrganishimiz kerak. Ana, Finlandiyani qara, ana Germaniyani qara, Janubiy Koreyani koʻrgin, ularda qanaqa... Biz ham o‘shalarday bo‘lishimiz kerak, degan taqqoslash qoʻyilsagina, motivatsiya oshadi, talabchanlik yuqori boʻladi. Aks holda, Afg‘oniston-u Suriya bilan qiyoslab, oʻzimizni o‘zimiz aldab yuraveramiz.

Jasur NURALIYEV

Rahbarlarning og‘zaki buyruqlari yozma qonunlardan ustun boʻlgan jamiyatda rivojlanish boʻlmaydi. (2019-yil, 17-aprel).

Otabek OTAXONOV