O‘qituvchi nimani o‘ylaydi?

O‘quvchilar o‘z yoqtirgan kasbini mustaqil tanlashni xohlaydi, lekin ko‘plab ota-onalar ularni boshqa sohaga yo‘naltirib yuboradi. So‘nggi besh yillikda tanlash urf bo‘layotgan kasblar: shifokorlik va dorishunoslik. Sababi bilan qiziqsam, xususiy klinika va dorixona ochib ishlash mumkin ekan. O‘qituvchi bo‘lishni xohlaganlari esa esa maktabda emas, OTMlarda ishlashni rejalashtirmoqda. Nima bo‘lganda ham yoqtirgan kasbida ishlash yaxshi, har qanday qiyinchiligi bilinmaydi, fidoyi bo‘la olasiz, hurmat ham qozonasiz.

Shoira BOZOROVA

Maktabda shtatlar qisqartiraverilsa, hamma xavotir bilan ishlaydi. Shunchalik zarur bo‘lsa, qisqarayotgan shtatdagilar yangi shtatga o‘tkazilishi kerak. Bu boshqa shtatdagilar xavotirini ham pasaytiradi. Ta’lim sifatini oshirish uchun har xil o‘zgartirish kiritaverish emas, maktabning qo‘liga qog‘ozda emas, amalda “qamchi” berish kerak. Daxlsizlik berish kerak.

Sohibaxon MAHMUDOVA

Endi o‘qituvchi bo‘lib ishga kirganimda litsey direktori “Qizim, maktab darvozasidan kirdingmi, ichkaridagi hayot bilan tashqaridagi hayotni qorishtirib yuborma. Ichkarida qanday voqelik bo‘lmasin, uyga ketishda shu yerga tashlab ket. Shunda xotirjamlikka ega bo‘lasan. Aks holda, ham ishdan ko‘ngling soviydi, ham shaxsiy hayotingda muammolar ko‘payadi” degan edi. 30 yil davomida shu nasihatga amal qildim, havas qilsa arzigulik yutuqlarga erishdim. Hozir o‘qituvchilarga ko‘proq ma’naviy madad zarur.

Salimaxon QODIROVA

Millionlab pullarni to‘y-u ma’rakalarga sarflayotgan xalq ba’zan kitobga kelganda pul yo‘q deyishi kishini o‘ylantiradi. Darsliklar ijara to‘lovi joriy qilinishi to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki aksariyat bolalar kitobni asrab-avaylab tutmaydi, ota-onalar ham darsliklar holatiga befarq. Balki shunda ayrim ota-onalar darslik uchun pul to‘laganiga yarasha farzandini kitob o‘qishga, qadrlashga majburlasa…

Dehqonboy DADAYEV

Oʻtgan o‘quv yili yangi baholash tizimi tumanimizdagi 10 ta maktabda tajribadan oʻtkazildi. Biroq hamma “dod” deyishiga qaramay, bu yil Toshkent shahrining hamma maktablariga joriy qilindi. Bunday qogʻozbozlik oʻqituvchiga ortiqcha yuk. Masalan, bir o‘qituvchi o‘nta sinfga darsga kirsa, qancha ish bo‘lib ketadi, uni chiqartirish, tayyorlash ham mablag‘ga borib taqaladi. Hozircha o‘quvchilar CHSBni vazirlik olarkan deb qoʻrqitib turganimiz uchun sal hayiqib oʻqiyapti. Agar bu ham shunchaki xoʻjakoʻrsin uchun boʻlsa, bizni qiynaganlari qoladi, xolos. Birgina yaxshi tomoni 5–8-sinf o‘quvchilari sal qiziqib, jamoa boʻlib harakat qilishyapti, darsga kreativ yondashishmoqda. Lekin chekka hududlarda bu tizimni qanday uddalashadi? Chunki sharoit yoʻq.

Sanobar BERDIYEVA

Afsuski, kuzgi attestatsiya testiga kirishim bilan tizim yuzimni tanimadi, joy alishtirib asabim buzildi. Keyin 4 marta “Siz test jarayonidan chetlatildingiz” va 2 marta “Error” degan yozuv ekranga chiqib qolaverdi. Eʼtiroz yozish imkoni bo‘lmadi. Qolaversa, testda umuman attestatsiya ro‘yxatida bo‘lmagan adabiyotdan foydalanildi. O‘z ustimizda ishlasak, tayyorlansak, lekin adabiyotdan tushmasa, endi nima deyishga ham hayronman.

Ro‘zixon MO‘MINOVA

Maktabda ta’lim sifatining oshishi, yutuqlarga erishishida jamoaning hamjihatligi juda muhim. Maktabimiz o‘tgan o‘quv yilida yangi baholash tizimini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgani bois bugun butun jamoamiz 40% ustama haq olmoqda. Vazir jamg‘armasi ustamasi sohiblari oldingi o‘quv yilida 7 nafar, hozirda esa 6 nafarni tashkil etadi.

Komila RAJABOVA

Ba’zan dars avvalida dabdurustdan o‘quvchilardan baxt haqida so‘rab qolaman. Bir-biriga navbat bermay, o‘z tasavvurlarini aytishga shoshayotgan bolajonlarni tinglab bo‘lgach (salomlashuvdan so‘ng, hali bolalar partaga o‘tirmasidan), baxt ham boshqa tushunchalar kabi nisbiy ekani, har kim uni har xil talqin qilishini tushuntiraman. Masalan, bir ko‘zidan ayrilgan odam o‘zini qanchalar baxtsiz va nochor his qiladi, lekin tug‘ma so‘qir kishiga bu dard bir umrlik ekanligini ta’kidlayman.

Zebuniso JUMAYEVA

Muvaffaqiyatga erishish ko‘proq insonning o‘ziga bog‘liq! Qolaversa, fidoyi ustozlar davlatimiz tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Menga Prezidentimizning 4306-sonli qarori bo‘yicha 100%, maktabdan 823-sonli qaror bo‘yicha 35 % ustama to‘lashyapti. Darsim 26 soat. Oyligim 1000 dollar. Hozir ona tilidan milliy sertifikat imtihoniga qattiq tayyorgarlik ko‘ryapman. Xudo xohlasa, milliy sertifikat uchun ham 1-yanvardan 50% ustama olish niyatim bor. Ozgina bo‘sh vaqtim bo‘lsa ham kitobdan bosh ko‘tarmayman. Hatto tanaffuslarda, tunda, ertalab faqat mutolaa...

Rahima JUMANIYOZOVA

“Bolalar 7-sinfdan keyin qobiliyatidan kelib chiqib o‘qitilishi kerak”, degan fikrni ilgari surmoqda deputatlardan biri. Maktabimizda ushbu usulni qilib koʻrdik. Afsuski, o‘quvchilarning qiziqqan faniga baza topib berolmadik.

Feruza TO‘RAYEVA

Umumta’lim maktablaridagi maktab oshxonalarining 80–90 foizida “Qarz daftari” tutiladi. Unda kelasi oylikkacha puli yetmagan o‘qituvchilar hech qanday foizsiz qarzga ovqatlanishadi. Aksariyat o‘qituvchilar qaysidir bankdan yoki maishiy xizmat ko‘rsatish mahsulotlari do‘konidan 23–35% gacha yo kredit, yo kreditga nimadir olgan bo‘ladi. Ehtiyoj va oylik maoshining nomutanosibligi sabab kreditlar doimo bir-biriga ulanaveradi.

Zavqibek MAHMUDOV

Yuqoridan turib oddiy o‘rta maktab o‘qituvchilarining bilimini muhokama qilish to‘g‘ri emas. Ixtisoslashgan maktablardagi iqtidorli bolalarga o‘sha maktabiga ketguniga qadar kim harf tanitdi, savodini kim chiqardi? Oddiy o‘rta maktabdagi ustoz, albatta. Qish yaqinligiga qaramay maktabimizda isitish tizimi hali ishlagani yo‘q. Qanday qilib sovuq xonada dars o‘tib bolaga nimadir o‘rgatish mumkin? Axir, o‘qituvchi ham, o‘quvchi ham kasal bo‘lsa. Maktabda infratuzilma unchalik muhimmas deydiganlar esa adashadi. Infratuzilma muhim hamda birinchi darajada.

Jahongir AZIMOV

O‘qituvchining ko‘ksiga oftob tegishi juda qiyin ish. 25 yildan beri ta’lim ichidaman. Uyimga katta biror narsa olmoqchi bo‘lsam, bir oy o‘ylayman. Ungacha u buyum yo “erga tegib ketadi”, yo “uylanadi”. Haliyam sotuvchilar “mehribon”: “Keling, domlo, 3 bo‘lishga beraman. Berasizda pulini” deyishadi...

Erkinjon YARASHEV

Ko‘plab o‘quvchilar oddiy mavzuni ham keyingi darsgacha eslab qololmaydi. Birinchidan, buning sababi bolalarimizning qo‘lidagi telefon. Undagi ma’lumotlar o‘quvchilarning ongiga ta’sir qilib bo‘lgan. Ikkinchidan, ota-onalarning befarqligi va savodsizligi. To‘g‘ri, bolasini tergashi mumkin, lekin nima dars o‘tding, mavzudagi falon narsa qanday bo‘lar ekan deb savol bermasligidir. Bolalarimiz internetga ishonib qolishgan.

Diydora HOJIYEVA

Mantiq qani? Rus tili fanidan olimpiada bo‘lib o‘tdi. Mutaxassislar o‘z bilim doirasidan kelib chiqqan holda tuzishganmi deyman (xuddi darsliklarni tuzgandek)? O‘zbek tilli maktablarda rus tili fani boʻyicha o‘zgarishlar o‘ta yuqori darajada. Endi aytingchi, o‘zbek sinflarda “Слово о полку Игореве”, A.N.Ostrovskiy, Griboyedovlar haqida bormi birorta mavzu?

Muqaddam USMONOVA

Ko‘plab o‘quvchilar oddiy mavzuni ham keyingi darsgacha eslab qololmaydi. Birinchidan, buning sababi bolalarimizning qo‘lidagi telefon. Undagi ma’lumotlar o‘quvchilarning ongiga ta’sir qilib bo‘lgan. Ikkinchidan, ota-onalarning befarqligi va savodsizligi. To‘g‘ri, bolasini tergashi mumkin, lekin nima dars o‘tding, mavzudagi falon narsa qanday bo‘lar ekan deb savol bermasligidir. Bolalarimiz internetga ishonib qolishgan.

Diydora HOJIYEVA

Barcha uzoq kutgan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullandi. Afsuski (fikrimcha) unda deyarli arzigulik imtiyoz yo‘q. Masalan, vazifasidan boshqa ishga jalb qilmaslik haqida. Bu narsa qonunlarimizda avvaldan bor. Shaxsan meni shu paytgacha biron marta majburiy mehnatga jalb qilishmadi. Mendan boshqa o‘qituvchilarning ham shikoyatini eshitmadim. Yana biri bepul tibbiy koʻrik. U ham tekin edi. Biri esa 56 kun − dam olish kuni. Avval 48 kun boʻlganda ham bironta oʻqituvchining “Ta’til yanada koʻp boʻlishi kerak edi”, degan gapini eshitmadim.

Zafar ATAXONOV

Vazir stavkani ko‘tara oladi, sinfdagi o‘quvchilar sonini koʻpaytiradi, yuklamani joriy qiladi. Oylikni ko‘tarish, stavka va sinfdagi o‘quvchilar sonini kamaytirish, yuklamani yoʻqotish qoʻlidan kelmaydi.

Kibriyo TOJIBOYEVA: